13 sentyabr kuni ertalab tashqi elektr tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik tufayli «Toshkent-Andijon» yo‘nalishida harakatlanayotgan 60-sonli yo‘lovchi poyezdi Angren vokzalida 50 daqiqa to‘xtadi, deya xabar qildi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» kompaniyasi.

Elektr energiyasi poyezd Angren vokzaliga kirib kelgan paytda, soat 09:25 da o‘chirilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, yuzaga kelgan nosozlik bartaraf qilinib, temir yo‘lga yetkazib berilayotgan energiya ta’minoti tiklandi. Ayni daqiqada elektropoyezdlarning muntazam harakati yo‘lga qo‘yilgan.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» ma’muriyati yuzaga kelgan noqulaylik tufayli yo‘lovchilardan uzr so‘radi.