Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish rejalashtirilmoqda. 11 sentabr kuni davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Moliya vazirligiga prezidentning tegishli qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

«Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining loyihasida (Moliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan) qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizgacha tushirish hamda uning betarafligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, tadbirkorlik subektlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — deyiladi Moliya vazirligi xabarida.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, QQS stavkasini 5 foizga kamaytirish Davlat budjetiga tushumlarni taxminan yiliga 10 trln so‘mga yoki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foizga kamayishiga olib keladi.