Toshkentning «Humo» klubi Oliy xokkey ligasi chempionatidagi debyut uchrashuvida Rossiyaning «Ryazan» jamoasi ustidan g‘alabaga erishdi, deya xabar qildi jamoa matbuot xizmati. Chorshanba kuni Toshkentdagi «Humo Arena» muz saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 5:0 hisobida yakunlandi.

Birinchi bo‘lim qattiq kurashlar ostida o‘tdi, «Ryazan» xokkeychilari mezbonlarga hech qanday imkon bermadi, ayrim o‘rinlarda ustunlik qildi ham, zero «Humo» jamoasida uzoq vaqt mobaynida o‘yin amaliyoti yo‘q edi.

Ikkinchi davrda esa o‘yin mezbonlari 23 soniya ichida ikki marta gol kiritdi. Birinchi golga Andrey Smirnov (31), ikkinchisiga — Aleksandr erbin (77) mualliflik qilgan bo‘lsa, uchinchi shayba 38-daqiqada Arseniy Yeroxin (44) tomonidan kiritildi.

Final davrida Yevgeniy Grigorenko (38) va Artyom Voronin (17) yakuniy hisobni 5:0 ga yetkazdi. Ushbu g‘alaba bilan O‘zbekiston 30 yillik tanaffusdan so‘ng katta xokkeyga qaytdi.

Kelgusi o‘yin 13 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi. «Humo» uy uchrashuvida Qozonning «Bars» klubi bilan o‘ynaydi.

Oliy xokkey ligasi — xalqaro xokkey chempionati. Doimiy chempionatda Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va endilikda O‘zbekistondan 34 ta jamoa ishtirok etadi. Jamoalar ikkita konfederatsiya va to‘rtta divizonga taqsimlangan. Ularning har biri 54 ta o‘yin — 27 ta uy va 27 ta safar o‘yinini o‘tkazadi. Mavsum yakunlari bo‘yicha faqatgina 16 ta jamoa pley-offga chiqadi va Petrov kubogi uchun kurash olib boradi.

Video