O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 11 sentyabrdagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Qo‘mitaning yangi bo‘linmasiga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, reklama bozorini tartibga solish, tovarlar xavfsizligi va sifati ustidan nazorat qilish, aholining iste’mol savodxonligi va madaniyatini oshirish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, agentlik sudlarda iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Agentlik vakolatlari qatoridan quyidagilar ham o‘rin olgan:

  • chakana savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridini o‘tkazish va ularni ekspertiza qilish;
  • iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari mavjud bo‘lganda, tadbirkorlik sub’ektlarida (moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda) tekshirishlar o‘tkazish;
  • iste’molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish;
  • iste’mol bozorini, davlat tomonidan narx-navosi tartibga solinadigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) narxlarning dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini o‘rganish;
  • tadbirkorlik va iste’molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va noto‘g‘ri reklamaning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish.

Agentlik Vazirlar Mahkamasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.