Hukumatning 2019 yil 6 sentyabrdagi qarori bilan Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsiyentlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Yillik ustama va yillik qo‘shimcha ta’tillar tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylar ro‘yxatiga kiritilgan joylarda ishlarni bajaruvchi barcha xodimlarga qo‘llaniladi va beriladi.

Bunda ustama miqdori ushbu joy uchun belgilangan tegishli koeffitsiyentni ish haqi summasiga ko‘paytirish orqali belgilanadi.

Ustamalar xodim ushbu joyda yashashi yoki yashamasligidan qat’i nazar ish joyi bo‘yicha to‘lanadi.

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan hududlarga bir oydan ortiq muddatga xizmat safariga yuborilgan xodimlarga ham mazkur hududda bo‘lgan vaqti uchun ushbu joy uchun nazarda tutilgan miqdorda ustama to‘lanadi.

Bunda ustama mehnatga doir qonun hujjatlarida nazarda tutilgan safarlarda xarajatlarni qoplash uchun to‘lovdan qat’i nazar to‘lanadi.