10 sentyabr kunidan 11 sentyabrga o‘tar tunda taxminan soat 00.50 da, Yunusobod tumanida joylashgan kafelardan birida ikki guruh yosh yigitlar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Tashqariga chiqqan yoshlar Shayxontoxur tumaniga borib, mushtlashuv uyushtirishgan. Natijada mushtlashuvda ishtirok etgan uch nafar yigitlar tan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ulardan biri — 23 yoshli Muslimbek Omonov shifokorlarning urinishlariga qaramasdan, hayotdan ko‘z yumdi. Muslimbek MMA jangchisi, kikboksing bo‘yicha yetti karra O‘zbekiston chempioni, kikboksing bo‘yicha jahon chempioni va MMA bo‘yicha Osiyo chempioni edi.

Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi («Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish»). Bezoriliklarda qatnashgan barcha yoshlarning shaxsi aniqlangan. Tergov olib borilmoqda.