Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev 13 sentyabr kuni o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi.

Sportchining GoSport.uz internet-nashriga bergan xabar berishicha, boks oqshomida Ahmadaliyevga kolumbiyalik tajribali bokschi Vilner Soto (22−6, 12 KO) raqiblik qiladi. Jang Nyu-Yorkdagi «Medison Skver Garden» arenasidagi teatrda bo‘lib o‘tadi. To‘qnashuv 10 raunddan iborat reyting jangi bo‘lishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabr kuni Murodjon Ahmadaliyev aslida WBA va IBF chempionlik kamarlari uchun Daniel Romanga (27−2−1, 10 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi. Ammo Roman jangga 10 kun qolganida o‘ng yelkasidan jarohat olgani vaji bilan ringga chiqishdan bosh tortgandi.