Yaponiyaning «JTB Sorroration» kompaniyasi marketing bo‘limi boshlig‘i, ijtimoiy tadqiqot guruhi rahbari Shoko Isui xonim rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Buxoro viloyat hokimligida bo‘lib, viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shahriyorov bilan uchrashishdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

«JTB Sorroration» (Jaran Tourist Bureau) kompaniyasi mamlakatda sayyohlikni rivojlantirish va xorijlik mehmonlarga madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 1912 yilda tashkil etilgan byuro sifatida tanilgan. O‘zining yuz yillikdan ziyod tarixi davrida kompaniya dunyoning eng yirik 20 ta nufuzli turistik agentliklaridan biriga aylandi. Bugunga kelib kompaniya yer yuzining 39 ta davlatida, Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asining 143 ta shahrida 500 dan ortiq turistik ofisiga ega bo‘ldi.

Xalqaro sayyohlik bozorida servis va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy tadqiqot va kuzatishlar olib borish, turoperatorlar ishini muvofiqlashtirish va dolzarb mavzularda seminar-treninglar tashkil etib, yosh mutaxassislarni o‘qitish kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.

Keyingi yillarda kompaniya mutasaddilari O‘zbekistonning Buxoro, Xiva, Samarqand shaharlariga jiddiy qiziqish bildirishmoqda. Kunchiqar mamlakat kompaniyasi vakillarining asosiy maqsadi bu shaharlarda turizmni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish, soha istiqbolini o‘rganish va zarur tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Muloqotda sayyohlikni ravnaq toptirishda biznes strategiyasini ishlab chiqish, davlat va xususiy sherikchilik sohasida teng manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Mehmonlarga 3 ming yillik boy tarixga ega Buxoro shahri va ko‘hna shaharning turistik salohiyatini oshirishda bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqot yakunida mehmonlar delegatsiyasi a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.