Bugun Turkiyaning Adana viloyati savdo palatasi boshqaruv kengashi vitse prezidenti Yuksel Bayram boshchiligidagi delegatsiyasi Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25−26 oktyabr kunlari Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 2018 yil 29 aprel — 1 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari ikki mamlakat munosabatlarining rivojlanishiga yangi turtki berdi.

Ushbu tashriflar davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab beruvchi kelishuvlarga erishildi hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi.

Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyasi joriy yilning 28 aprel — 3 may kunlari Turkiyaning Adana, Antaliya va Istambul shaharlarida bo‘lgan edi. Ushbu tashrif davomida Adana shahar meri Zeydan Karalar va Adana provinsiyasi gubernatori Maxmut Demirtash bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki viloyat o‘rtasida turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi hamda Adana viloyatining sanoat palatasi, tijorat birjasi va sanoat zonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston — Turkiya biznes forumi o‘tkazildi.

Mazkur biznes forum yakuni bilan bir qator investitsiyaviy kelishuvlar imzolandi:

«Delfingold sanayi ve Tijaret A.S.» kompaniyasi tomonidan 5,0 mln. dollar investitsiya kiritilishi hisobiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasi;

tadbirkor Dinger Axmet tomonidan 2,0 mln. dollar investitsiya kiritish hisobiga Urganch shahridagi kichik turistik zonasida mehmonxona qurish loyihasi;

«JeyKiBi» kompaniyasi tomonidan 10,0 mln. dollar investitsiya kiritilishi hisobiga azorasp tumanida dastlab 1500 gektar maydonda zaytun bog‘ini yaratish loyihasi bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Ushbu hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun viloyat hokimligi tomonidan zaruriy choralar ko‘rilib, har bir kelishuvning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

— Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida so‘ngi yillarda olib borayotgan ishlarimiz natijasida bugungi kunda dastlabki yutuqlarimiz ham ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, 2018 yilgacha viloyatimizda Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni bor-yo‘g‘i 4 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 17 taga yetgan. Umuman olganda, viloyatimizdagi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarning 14,0 foizi Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi, — deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Sh. Tulyaganov.

Shundan so‘ng ikki viloyat o‘rtasida tadbirkorlik sub’ektlari aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi va tadbirkorlar o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuv o‘tkazildi.

Bugun tushdan keyin Turkiya ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya viloyatimizdagi mashinasozlik, yengil sanoat, Xazorasp erkin iqtisodiy zonasi, qurilish materiallari ishlab chiqariladigan korxonalar faoliyati bilan tanishadi. Ushbu tashrif Xorazm va Adana o‘rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.