Shu yilning 9−13 sentyabr kunlari «Global to‘qimachilik kunlari Toshkent 2019» (Global Textile Days Tashkent 2019) ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

«O‘zto‘qimasanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov sohaning bugungi holati va uni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, forum tadbirlari doirasida kutilayotgan samaralar haqida so‘zladi. Xalqaro to‘qimachilik konferensiyasi haqida ma’lumot berar ekan, unda butun dunyo bo‘ylab to‘qimachilik sohasidagi muammolar va istiqbollar muhokama qilinishini ta’kidladi:

«Anjuman xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari rahbarligida o‘tkaziladi. Uning mavzusi — „To‘qimachilik sanoatini raqamlashtirish — to‘qimachilikda kelajakni yaratish“. To‘qimachilik sanoatini raqamlashtirish — bu uzoq bo‘lmagan istiqbol, bugungi kunning haqiqatidir. Biz anjuman natijalari bo‘yicha respublikada to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha strategiyalar ishlab chiqa olamiz, deb o‘ylaymiz. Tadbirlar doirasida sohadagi so‘nggi tendensiyalar, xalqaro to‘qimachilik texnologiyalarini rivojlantirish, sertifikatlash va raqamli marketing, „aqlli“ to‘qimachilikni ishlab chiqishda ilmiy tadqiqotlar masalalari muhokama qilinadi. Unda Belarus, Rossiya, Bangladesh, Shveysariya, Germaniya va boshqa davlatlarning yetakchi sanoat mutaxassislari ishtirok etishadi»

Ilhom Haydarov to‘qimachilik sanoati muvaffaqiyatlari haqida to‘xtalar ekan, quyidagi faktga e’tiborni qaratdi: «To‘qqiz yil avval birinchi paxta yarmarkasi doirasida o‘tgan ko‘rgazmada to‘qimachilik ko‘rgazmasi 6 kv metrni egallagan edi. Bu yil esa «O‘zekspomarkaz»ning butun maydonini mahsulotimiz bilan to‘ldirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, so‘nggi uch yilda biz har yili 50ga yaqin yangi korxonalarni ochmoqdamiz va bu yil ham mustasno emas, albatta».

«Iteca Exhibition» xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning so‘zlariga ko‘ra, «UzTextile Expo 2019» xalqaro to‘qimachilik va moda ko‘rgazmasida 10 ta davlatdan 165 ta kompaniya ishtirok etadi. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu yil mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham faol ishtirok etishadi.