Samarqand shahridagi Gulobod ko‘chasining G-34 kesishmasidan Samarqand tumanidagi Xo‘ja Ahrori Vali majmuasigacha bo‘lgan qismida 6 qatorli avtomobil yo‘li qurilishini tashkil etish belgilangan. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida 2017 yil 4 oktyabrda Samarqand shahar hokimining 1707-Q sonli qarori qabul qilingandi. Bugungi kunda mazkur ko‘chani qayta qurish ishlari boshlandi.

Shu munosabat bilan jamoat tartibini saqlash hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida, mazkur ko‘chaning ish olib borilayotgan qismida transport vositalarining harakati vaqtincha taqiqlanadi.

Ta’kidlash o‘rinli, mazkur ish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27−28 avgust va 2 sentyabr kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshirig‘i va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan majlis bayonining 11-bandiga asosan bajarilmoqda.