9 sentyabr kuni Tojikistonda Rog‘un gidroelektr stansiyasining ikkinchi agregat ishga tushirildi. Tantanali marosim mamlakat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon marosimda so‘zga chiqib, GES xavfsizlik bo‘yicha xalqaro me’yorlarga javob berishi va yaqin kelajakda nafaqat Tojikiston, balki mintaqadagi boshqa davlatlar aholisi xonadonlarini ham yoritishini ta’kidlab o‘tdi.

Rog‘un to‘g‘oni qurilishi 2016 yil oktyabrida boshlangan edi. 2018 yilning kuzida gidroelektr stansiyasining birinchi agregati ishga tushirildi. Bu vaqt davomida GESda 570 million kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarilib, mamlakat energetika tizimiga yo‘naltirildi, deyiladi Tojikiston rahbari saytida.

Rog‘un GES — Vaxsh daryosidagi to‘qqizinchi gidroelektr stansiyadir. U mamlakat poytaxti Dushanbedan 110 km uzoqlikda joylashgan. GES oltita agregatdan tashkil tpgan bo‘lib, har birining quvvati 600 megavatdan iboratdir. Umumiy quvvati 3600 MVt (17 milliard kVt/s dan ortiq) bo‘lgan holda Rog‘un GES mintaqadagi eng yirik gidroelektr stansiyaga aylanadi.