2020 yil 1 yanvardan xususiy notarial idoralar tashkil etiladi. Adliya vazirligi Telegram-kanalida xabar qilinishicha, bu prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda o‘z aksini topgan.

Farmonga ko‘ra, Notarial palata tashkil etiladi va unga barcha notariuslar a’zo bo‘ladi. Shuningdek, mol-mulklar bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlashda ham bir qator talablar bekor qilinadi.

Xususan, kelayotgan yilning 1 yanvaridan e’tiboran qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklarning ruxsati, vasiylikdagi shaxs nomidan turar joyni ijaraga (arendaga) berishda vasiylik va homiylik organining roziligi talab etilmaydi.

Bundan tashqari, bir qator notarial harakatlarni majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinmoqda. Xususan, 1 oktyabrdan boshlab yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab korxonani ijaraga, tekin foydalanishga berish, birlamchi bozorda mol-mulkni lizingga berish va garov (ipoteka) shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi.

Farmon bilan 2020 yil 1 yanvardan quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etiladi:

  • fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta’minlash;
  • mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;
  • mualliflik va turdosh huquq ob’ektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.

2020 yil 1 yanvaridan quyidagi qulayliklar yaratiladi:

  • ko‘chmas mulklar bo‘yicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar haqida ma’lumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;
  • agar taraflar turli hududlarda bo‘lsa, o‘sha huddagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;
  • ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi;
  • respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin bo‘ladi;
  • notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish xizmati joriy etiladi;
  • notarial arxivda mavjud bo‘lgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarda kamida 2 tadan va Toshkent shahrida kamida 5 ta eksperimental notarial idora tashkil etiladi.

Ushbu idoralarda quyidagilar joriy etiladi:

  • mol-mulkni tasarruf etish bilan bog‘liq bo‘lmagan bitimlarni tasdiqlash, ijro xatlarini yozish, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlash elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiylashtiriladi;
  • arizalar elektron raqamli imzodan foydalangan holda hamda videokonferensaloqa orqali rasmiylashtiriladi.

Masofadan turib xizmat ko‘rsatilganda rasmiylashtirilgan hujjatlarni mijozga kurer xizmati orqali yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar notarial arxivda saqlanayotgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni vujudga keltiruvchi bitimlar raqamli ko‘rinishga o‘tkaziladi.