Atrof tabiiy muhit davlat monitoringiga yangi komponentlar kiritildi: kollektor-drenaj suvlarining sifat tarkibi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atrof-tabiiy muhitning sanitariya-gigiyenik monitoringi ham kiritildi. Bu haqda Norma.uz hukumatning 5 sentyabrdagi qaroriga tayanib xabar qildi.

Har bir tashkil etuvchi kesimida monitoring o‘tkazish reglamenti yangilangan Nizomda batafsil bayon etilgan, u 2002 yildagi hujjat o‘rniga qabul qilindi. Monitoring dasturi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va 5 yilda 1 marta qayta ko‘rib chiqiladi (amaldagisi 2020 yilgacha mo‘ljallangan, tahr.).

Maxsus vakolatli davlat organlari — Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zgidromet, Suv xo‘jaligi vazirligi, «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Davlat o‘rmon xo‘jaligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi — monitoringni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan namunalarni olish uchun oldindan belgilangan nuqtalarga, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hududida joylashgan nuqtalarga biznes-ombudsman bilan qo‘shimcha ravishda kelishmasdan to‘siqsiz kirish huqukiga ega.

2021 yil 1 yanvardan boshlab atrof tabiiy muhitga ta’sir qilish xavfi yuqori bo‘lgan mavjud sub’ektlar atmosfera havosini ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar, ularga tutash hududlarda esa statsionar kuzatish punktlari (postlari) bilan jihozlanadi. Xarajatlar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar gardaniga tushadi.

2021 yilning boshiga kelib atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi to‘liq faoliyat ko‘rsatishi kerak. Geografik ma’lumotlar hamda zarur ob’ektlar haqida ular bilan bog‘liq bo‘lgan axborotni grafik vizuallashtirish orqali GIS-texnologiyalar asosida taqdim etiladi. Ma’lumotlar bazasi Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi shakllantiradi. U maxsus vakolatli davlat organlari hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni to‘playdi, saqlaydi va qayta ishlaydi.

«Gazeta.uz» muallifi Nikita Makarenko avgustda Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasining Bo‘zsuv kanalini ifloslantirayotganini o‘rgangan edi.