O‘zbekistonlik yuk haydovchilari avtomobillariga 7 sentyabr kuni Qozog‘istonning Atirau shahri hududida noma’lum shaxslar tomonidan tosh otib shikast yetkazilishi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekiston Respublikasining Aktau shahridagi bosh konsulligi nazoratiga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda va internet saytlarida xabar tarqalgach, Transport vazirligi rahbariyati vaziyatni nazoratga olish va ro‘y bergan holatga oydinlik kiritish yuzasidan O‘zbekistonning Aktau shahridagi bosh konsuli bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.

Ayni damda ro‘y bergan hodisa yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ish olib bormoqda.

«7 sentyabr kuni ro‘y bergan hodisaga batafsil oydinlik kiritish maqsadida jabrlangan haydovchilarni O‘zbekiston Respublikasining Aktau shahridagi bosh konsulining + 7777 599 00 50 telefon raqamiga murojat qilib ariza qoldirishlarini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Aktau shahridagi Bosh konsulxona konsullik okrugiga Qozog‘istonning Aqto‘be, Atirau, Mang‘istau va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlari kiradi.