Qarshi shahrida yangidan barpo etilgan oliy harbiy ta’lim muassasasi — O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ochilishi hamda kursantlarning harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasi saytida xabar berildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 28−30 yanvar kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromida ham bo‘lib, harbiy uchuvchilar tayyorlash, ularning amaliy mashg‘ulotlar olib borishida ob’ektning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida 1994 yilda asos solingan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini Qarshi shahrida qayta tashkil etish taklifini bergandi.

Shundan so‘ng Qarshi serjantlar tayyorlash maktabi negizida oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etilishi belgilanib, bu yerda keng ko‘lamdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ajratilgan 73 milliard so‘m evaziga o‘quv korpusi va yordamchi binolar zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, eng so‘nggi rusumdagi trenajyorlar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.

— Muassasa havo hujumlaridan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari uchun 7 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi, — deydi Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Burhonov. — Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining aynan Qarshi shahrida tashkil etilishi avvalo kursantlarga mamlakatimizdagi eng yirik harbiy aerodromlardan biri K Xonobod aerodromida harbiy havo kemalarini boshqarish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish, bevosita o‘quv poligonlarida ishtirok etish imkonini beradi. Bu esa harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirish, aviatsiya hamkorligidagi dala-o‘quv mashg‘ulotlarini real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib borish va uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish uchun muhim.

Tadbir davomida bilim yurti bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Harbiy havo kuchlari tomonidan tayyorlangan havo paradi va aviashou namoyish etildi. Parad avvalida N-125 rusumli vertolyotda davlat bayrog‘i olib o‘tildi. Mi-8MT, Mi-24 vertolyotlari, S-295, Su-25, Mig-29 samolyotlarining bilim yurti uzra parvozi mehmonlar tomonidan olqishlandi.

Bilim yurti rahbariyatiga prezident sovg‘asi «Isuzu» avtobusi va «Gentra» avtomobili topshirildi.

Shu kuni oliy harbiy ta’lim muassasasi ilk kursantlari harbiy qasamyod qabul qilishdi.