Ish haftasi oxiriga qadar O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, kechalari salqin bo‘ladi, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Bugun respublika hududiga Volgabo‘yi mintaqasidan nam va ancha salqin havo oqimlari kirib kelishni boshladi. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘di. Faqatgina Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib qoldi. Kunduzgi harorat +17…+19 daraja, janubda esa +25 darajagacha tushdi.

Biroq ertadan boshlab mamlakatning katta qismida yana yog‘ingarchiliksiz ob-havo hukmron bo‘ladi, faqatgina Farg‘ona vodiysida kechasi va kunning birinchi yarmida bulutli havo saqlanib qoladi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi.

Yaqin kechalarda salqin bo‘ladi, tungi harorat +8…+11 daraja atrofida bo‘lsa, haftaning o‘rtasida kunduzgi soatlarda havo +23…+28 darajagacha qiziydi.

Keyinchalik esa O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchiliksiz ob-havo hukmron bo‘ladi, havo harorati ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2−3 daraja pastroq bo‘ladi, kechasi +10…+15, kunduzlari esa +25…+30 daraja atrofida bo‘ladi.