Prezidentning shu yil 6 sentyabrda «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2021 yil 1 martdan Elektron retsept berish tizimi mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar Toshkent shahridagi barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarida tashkil etiladigan bo‘ldi. Shuningdek, 2022 yil 1 martdan boshlab esa ushbu tizim mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

— Bu yangilikning ahamiyatli jihati shundaki, bunda shifokorning vaqti tejalishi bilan birga, bemorning turli ovvoragarchiliklarsiz o‘z vaqtida kerakli dorilarni olishiga hamda tizimdagi shaffoflikni ta’minlashga erishiladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov. — Shuningdek, retsept asosida dorilarning aniq me’yorini va ro‘yxatda turuvchi preparatlarning hisobini to‘g‘ri olib borilishini ta’minlaydi. Bu esa shifokor, bemor va dorixona o‘rtasidagi o‘zaro uzviy bog‘liqlikni ta’minlab, turli muammo va kamchiliklarni bartaraf etadi.

Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va keyinchalik qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, axborotlashtirish ob’ektlarini tekshiruvdan o‘tkazish, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash «Sog‘liqni saqlash» tarmog‘i uchun ajratiladigan byudjet ajratmalari doirasida amalga oshiriladi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablag‘lari, davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida xususiy sherik mablag‘lari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ta’minlanadi.

Ayni paytda mazkur qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va manfaatdor tashkilotlar tomonidan Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tayyorlanmoqda.

Qaror dori vositalarining noqonuniy muomalasini oldini olish va ularni suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari muomalasini tartibga solish, shuningdek, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish orqali har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.