Joriy yilning boshida O‘zbekiston Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda hududlardagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining (TMEK) fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda nogironlikni belgilash bilan bog‘liq faoliyatini tahlil qilgan edi. O‘shanda davolash-profilaktika muassasalarida mutaxassislar va tibbiy uskunalar yetishmasligi, qonunchilikdagi noqisliklar, nogironlik guruhlarini rasmiylashtirishdagi huquqbuzarliklar va ortiqcha sansalorliklar aniqlangan edi.

O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining davlat granti doirasida Toshkentdagi TMEKlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining harakatlanishi cheklangan boshqa guruhlari uchun qanchalik moslashtirilgani bo‘yicha monitoring o‘tkazdi. Mazkur monitoringni samarali o‘tkazish uchun Uyushma tomonidan 19 ta asosiy mezon belgilab olindi.

Oltita tuman va tumanlararo tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari, jumladan Toshkent TMEKning moslashtirilganlik bo‘yicha monitoringi yakunlari avval aniqlangan muammolar bilan bir qatorda, nogironlikning turli shakllari bo‘lgan odamlar ko‘plab to‘siqlarga to‘qnash kelayotgani, TMEKlar binolarining tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda nogironlikni belgilash uchun moslashtirilmagani va yaroqsizligicha qolayotganini ko‘rsatdi.

YouTube orqali tomosha qilish

Nogironligi bo‘lgan odam qanday qilib asosiy TMEKka yetib boradi?

Toshkentning asosiy tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi to‘rt qavatli binoning ikkinchi qavatida joylashgan. Bu yerda byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Yakkasaroy tuman bo‘limi ham o‘rin olgan. Binoga kirish nostandart pandus bilan jihozlangan, lift mavjud emas, nogironlik aravachasi foydalanuvchisi tik zinapoya orqali ko‘tarila olmaydi.

«Mazkur muassasa nogironligi bo‘lgan shaxslarning muntazam tashrif buyurishi uchun mo‘ljallangan, biroq u ular uchun moslashtirilmagan va noqulayligicha qolmoqda», — deb ta’kidlaydi O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi raisi, monitoring jarayoniga rahbarlik qiluvchi Oybek Isoqov.

Bundan tashqari, poytaxtning asosiy tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi moslashtirilganlik bo‘yicha qolgan talablarga ham javob bermaydi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalari turishi uchun maxsus joy ajratilmagan. Ikkinchi qavatdagi hojatxona foydalanish uchun yaroqsiz — unitaz polga o‘rnatilgan, tor kabinada zinapoyalar orqali unga ko‘tarilib borish zarur.

Toshkent viloyat tibbiy-mehnat ekspert komissiyasida vaziyat yanada achinarli. Binoga kirishda pandus mutlaqo o‘rnatilmagan. Nogironligi bo‘lgan odam binoga kirib olgan taqdirda ham, u ikkinchi qavatdagi TMEK mutaxassislari xonalariga kirish uchun yana bir to‘siq — tik zinapoyadan ko‘tarilishi kerak. Nahotki nogironligi bo‘lgan odamlarni binolarning birinchi qavalarida qabul qilishning imkoni bo‘lmasa?!

Uchepa tumanlararo TMEKdagi kvest

Monitoring guruhining Uchtepa tumanlararo TMEK binosiga yetib borishigacha bo‘lgan yo‘lni eng murakkab fentezi kvestiga qiyoslash mumkin. Ushbu tuman TMEK mavze ichkarisida joylashgan bo‘lib, unga yetib borish uchun qariyb bir kilometrlik jihozlanmagan, o‘ydim-chuqurliklarga to‘la yo‘lni bosib o‘tish talab qilinadi. Bunday mashaqqatga boy yo‘lni nogironligi bo‘lgan odamlar, keksalar va aholining kam harakatlanuvchi boshqa guruhlarini qo‘ya turing, hatto yetti muchasi soppa-sog‘ bo‘lgan kishi ham qiyinchilik bilan bosib o‘ta oladi.

Pod’ezd kirishi hamda nogironligi bo‘lgan odamlar mashinalari uchun maxsus turargoh mavjud emas. Ikki qavatli turar-joy binosining birinchi qavatida joylashgan TMEKni topish uchun mumkin bo‘lgan birorta ham ko‘rsatkich yoki peshlavha o‘rnatilmagan. Shahar va viloyat TMEKlarida bo‘lgani kabi, Uchtepa TMEKda ham hojatxona nogironligi bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallab jihozlanmagan.

«Uch xonali kvartirada Uchtepa va Chilonzor tumanlari tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi joylashgan, ushbu tumanlarda esa o‘n to‘rt ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydi. Tasavvur qilayapsizmi? Uchta xona…» — deydi Oybek Isoqov.

O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlararo TMEK, shuningdek, Shayxontohur, Olmazor va Yunusobod tuman TMEKlarining ham moslashtirilganlik monitoringini o‘tkazdi. Monitoring natijalari tuman TMEKlari binolarining jismoniy jihatdan hammabopligi qoniqarli darajada emasligi, ayni paytda, sezgi buzilishlari bo‘lgan odamlar uchun ham qulayliklar yaratilmaganini ko‘rsatdi.

Olmazor tumanidan tashqari, barcha TMEKlarda nogironlikni belgilashda eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlar uchun asosiy qulaylik talablaridan hisoblangan imo-ishora tarjimoni xizmati taqdim etilmaydi. Ehtimol, bu Olmazor tumanida O‘zbekiston karlar jamiyatining barcha infratuzilmalarga ega «karlar shaharchasi» joylashgani bilan bog‘liqdir. Biroq karlar va zaif eshituvchi odamlar shaharning boshqa tumanlarida ham istiqomat qiladi va ular boshqa tuman TMEKlariga biriktirilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, TMEKlar tomonidan beriladigan barcha hujjatlar, jumladan nogironlik guvohnomasi Brayl shriftidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmagani bois ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun o‘qishga yaroqsiz. Masalan, nogironlik guvohnomasida TMEK ekspertlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiyaga oid o‘z tavsiyalarini beradi. Biroq bu yozularni ko‘rmaydigan va zaif ko‘ruvchi odamlar o‘qiy olmaydi.

Birorta ham TEMK binosida nogironligi bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallangan hojatxona yoki umumiy hojatxonalardan hech bo‘lmasa bitta kabinani topishning imkoni bo‘lmadi. Qayd etish zarurki, tayanch-harakat apparati buzilishlari bo‘lgan odamlar, keksalar va aholining kam harakatlanuvchi boshqa guruhlari polga o‘rnatilgan unitazdan («Genuya» chanoqlari) foydalana olmaydi — hamma ham tizzalarini bukib o‘tirolmaydi.

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo TMEK binosiga kirish: panjarasiz qariyb 45 darajali yaroqsiz pandus, balan ostona va tor peshayvon. Foto: O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi.

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo TMEKdagi hojatxonaning ahvoli. Foto: O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi.

Shayxontohur tuman TMEK kirishi pandus bilan jihozlanmagan. Foto: O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi.

Olmazor tuman TMEK kirishi birmuncha yaroqli: pandus taxminan 15 daraja, panjarasi bor, qoplama sirpanchiq emas. Foto: O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi.

Biroq Olmazor tuman TMEK hojatxonasi nogironligi bo‘lgan odamlar foydalanishi uchun mutlaqo yaroqsiz — unitaz polga o‘rnatilgan, unga baland zinapoyalar orqali chiqiladi. Foto: O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi.


Yunusobod tuman TMEK hojatxonasidagi polga o‘rnatilgan unitaz. Foto: O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi.

Tumanlar va shahar TMEKlari nogironligi bo‘lgan odamlar uchun borish qiyin bo‘lgan bino va inshootlarga qasddan joylashtirilgan, degan taassurot uyg‘onadi. TMEKlarning hammabop emasligi O‘zbekistonda nogironlikning qanchalik tarqalganligiga yetarlicha baho berilmasligiga qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

TMEK organlarida jismoniy jihatdan imkoniyatlar va mantiqli qulayliklarning yaratilmagani byurokratiya va ortiqcha sansalorliklar bilan umumiy yaxlitlikda nogironlik guruhlari hamda ijtimoiy nafaqalarni olishda turli to‘sqinliklarni yaratishi mumkin.

Va bu poytaxtdagi TMEKlar moslashtirilgani monitoringi yakunlari xolos. Hududlardagi TMEKlardagi nogironligi bo‘lgan odamlar uchun qulayliklar darajasini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi…

Mullif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov

Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi.