Vitovt Electro E420 elektrobusi shanba kuni Toshkentda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ilk qatnovni amalga oshirdi, sinov uch oy davom etadi. Yorqin sariq rangdagi mashina «Belkommunmash» (Belarus) 3 sentyabr kuni poytaxtga yekazilgan edi.«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi va elektrobus sinov vaqtida biriktirilgan 7-avtobus saroyi rahbariyati birinchi reys yo‘lovchilari bo‘ldi.

Vitovt Electro E420 bir martalik quvvat bilan 20−25 kilometr atrofida masofa bosib o‘tadi. Quvvat olish vaqti esa 6−8 daqiqaga teng. O‘rtacha 90 nafar yo‘lovchi olib yurish imkoniyatiga ega. Buyurtmachi xohishiga qarab o‘rindiqlar soni o‘zgarishi mumkin.

Elektrobus saloni konditsioner bilan jihozlangan hamda tabiiy havo almashuvini ta’minlovchi yetarlicha kenglikdagi ochiluvchi oynalarga ega. Ortiqcha quyosh nurlarini qaytarish uchun oynalar yengil qoraytirilgan.

Haydovchi kabinasi juda qulay va yo‘lovchilar salonidan to‘liq ajratilgan. Shuningdek, o‘z konditsioner tizimi, ham salon, ham tashqaridagi vaziyatni nazorat qilish uchun videokuzatuv tizimiga ega.

Kuzovi kompozit materiallardan tayyorlangan elektrobus 60 km/soat tezlikda hamda pnevmatik osma sharofati bilan juda ravon harakatlanadi.

Elektrobus sinovi 41-avtobus yo‘nalishida Chilonzor 25-mavze — Chilonzor buyum bozori o‘rtasida qatnaydi. Uning kelgusi hafta boshidan yo‘nalishga chiqishi kutilmoqda.