G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i «xalq bog‘i» bo‘li qoladi, deya ma’lum qildi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 6 sentyabr kuni Chilonzor aholisi bilan uchrashuvda. Rekonstruksiya mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi.

Qayd etilishicha qayta qurish jarayonida ham ushbu bog‘ eshiklari aholi uchun yopilmaydi, shuningdek, shu paytgacha bo‘lgani singari keyinchalik ham unga kirish bepulligicha qoladi. Shuningdek, rekonstruksiya sabab tadbirkorlar hech qanday zarar ko‘rmaydi, o‘z faoliyatini avvalgi tartibda davom ettiradi.

«Qayta qurish jarayonida bu yashillik dunyosiga umuman zarar yetkazilmaydi, hech bir daraxt kesilmaydi», — deyiladi xabarda.

Aholiga yanada yaxshi xizmat ko‘rsatish, ularning ko‘ngilli xordiq chiqarishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaroqlillik muddatini o‘tab bo‘lgan atraksionlar yangi, zamonaviylariga almashtiriladi.

Shuningdek, bog‘ ichidagi ta’mirtalab yo‘llar sozlanadi. Veloyo‘laklar ham tashkil etilishi mumkin. Xullas, qayta qurish ishlari natijasida bog‘ yanada chiroy ochadi, xizmat ko‘lami kengayadi.

Nuz.uz xabariga ko‘ra, istirohat bog‘i rekonstruksiyasi Singapurning BMP Smart Decision kompaniyasi tomonidan 10 mln dollar ajratilgan holda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev kompaniyaga yangi loyiha uchun yangi uchastka ajratilishini ma’lum qildi, deya xabar qildi nashr.