Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi inspektorlari mashinasiga brakonerlar tomonidan o‘q uzildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘mitaning uch xodimi — T.Toreniyazov, D.Kallibekov va A.Kalimbetov tomonidan Mo‘ynoq tumanidagi «Qazaqdarya» ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Akpetkey» ko‘llar tizimida o‘tkazilgan reyd vaqtida, davlat raqami bo‘lmagan «UAZ» rusumli avtomashinada bo‘lgan noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan 5 nafar fuqaroni qo‘lga olishga harakat qildi.

Inspektorlarning qonuniy talabiga bo‘ysinmasdan, voqea joyidan qochib ketishni ko‘zlab, qo‘mita xodimlari boshqaruvidagi davlat raqami 95 Y 469 GA bo‘lgan avtomashina baloniga o‘q otar ov miltig‘i bilan o‘q uzib, voqea joyidan yashirinishgan.

Mazkur holat yuzasidan Mo‘ynoq tuman prokuraturasi tomoindan 6 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning barchasi ushlangan.

Noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar boshqaruvidagi «UAZ» rusumli avtomashinaning davlat raqami 80 S 401 YeA ekanligi aniqlangan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.