Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi (O‘zkarantin) va Xitoy Xalq Respublikasining bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida «O‘zbekistondan Xitoyga qovun eksport qilish bo‘yicha fitosanitar talablar to‘g‘risida bayonnoma» imzolandi. Bu haqda O‘zkarantin matbuot xizmati xabar qildi. Hujjat O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 27−28 avgust kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida imzolandi.

Ushbu bayonnomaga muvofiq, Xitoyga eksport qilinadigan qovun O‘zbekistonning to‘rtta viloyatidan — Xorazm, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridan bo‘lishi lozim. Shuningdek, Xitoyga eksport qilinadigan qovun fitosanitar talablarga to‘liq muvofiq kelishi, jumladan, zararli organizmlardan holi hududlarda yetishtirilib, karantin inspektori tomonidan monitoring nazoratidan o‘tkazilgan bo‘lishi talab etiladi.

Qovunni eksport qiladigan barcha dalalar, qadoqlash sexlari Xitoy va O‘zbekiston karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi va tasdiqlanishi lozim. Ushbu ro‘yxatdan joy olishni rejalashtirayotgan tadbirkorlik subektlaridan 10 sentabrga qadar «O‘zdavkarantin» inspeksiyasiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Xitoyga O‘zbekistondan eksport qilishga ruxsat etilgan karantin ostidagi mahsulotlar turi 12 tani (gilos, mosh, qobiqsiz grek yong‘og‘i, shirin va achchiq bodom, uzum danaklari, kunjut, mayiz, quritilgan achchiq qalampir, achchiq qalampir, o‘rik qoqisi, qovun) tashkil etadi.

Eksportyor tadbirkorlar yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarni transport birliklariga yuklashdan oldin «O‘zdavkarantin» inspeksiyasining hududlardagi inspektorlariga murojaat etishlari lozim.

Hozirda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi XXR karantin xizmati bilan Xitoyga qo‘shimcha ravishda anor, uzum va limon eksport qilinishiga ruxsat olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.