1 oktyabrdan Toshkentda tajriba tariqasida chek asosida yutuqli o‘yin o‘tkaziladi. O‘zbekiston prezidentining 6 sentyabrdagi farmonida bu haqda so‘z boradi.

Lotoreya Toshkentdagi onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida o‘tkaziladi.

Moliya vazirligiga 1 noyabrga qadar yutuqli o‘yinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish topshirildi.

Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyulga qadar tajriba natijalariga ko‘ra uni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritadi.

O‘zbekistonda chek asosidagi yutuqli o‘yinlarni o‘tkazish rejasi haqida iyunda DSQ rahbari o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qilgan edi. Qo‘mita vakillarining fikricha, bu xaridorlarni tovar va xizmatlar uchun chek talab qilish bo‘yicha odatini o‘zgartirishga xizmat qiladi.