Podpolkovnik Abulxasan Nurimon Abduraxim Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Tayinlovga qadar u 2018 yil aprelidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari — Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu lavozimga u Dilshod Muxitdinovich Eshnayev o‘rniga tayinlandi.

Nuriymon Abulxasan Toshkent islom instituti (1994) va Misrdagi Al-Azhar universitetini (1997) tamomlagan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Prezident devoni va IIV tuzilmasida turli lavozimlarda ishlagan.

Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasiga 2018 yil martidan polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Qodirov rahbarlik qilib kelayotgan edi. 2019 yil martida u IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi, iyunda esa transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘ldi.

Abdug‘ofur Ahmedov. Foto: Surxondaryo viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Avvalroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. Unga Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan polkovnik Abdug‘ofur To‘ychiboyev Ahmedov rahbar bo‘ldi. Qo‘mitaning avvalgi rahbari (2018 yil aprelidan) Jasur Qosimovich Akramov edi.