O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari — Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Alisher Sa’dullayev 6 sentyabr kuni ushbu lavozimga rasman saylandi, deya xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Yoshlar ittifoqining avvalgi rahbari Qahramon Quronboyev 29 avgust kuni prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan vazifasidan ozod qilingan edi.

Alisher Sa’dullayev (1994 y. t.) 2017 yil iyulida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanib, mamlakatdagi eng yosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan edi. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bitiruvchisi. Avval Result o‘quv markazini boshqargan. 2018 yil oktyabridan Alisher Sa’dullayev Yoshlar ittifoqi rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.