O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil 30 iyulda davlat rahbarining mazkur chora-tadbirlarga oid qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, bosh vazir raisligida Respublika komissiyasi tuzilib, barcha mutasaddi idoralarning bu boradagi vazifalari belgilandi. Turar joylar, ijtimoiy muassasalar va korxonalarni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxona va tarmoqlarni ta’mirlashga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda yoqilg‘i-energetika kompleksidagi korxonalar faoliyati tahlil qilinib, galdagi muhim choralar belgilab berildi.

Kuz-qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplash hamda eksportni ta’minlash, buning uchun tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish dasturini samarali bajarish zarurligi ta’kidlandi. Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligiga iste’molchilar ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish yuzasidan topshiriq berildi.

«O‘ztransgaz», «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatlariga 1 noyabrgacha 93 kilometr gaz tarmog‘i va 172 ta gaz taqsimlash punktini rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash, yerosti omborlarida gaz zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. «Muborakneftgaz» va «Gazlineftgazqazibchiqarish» korxonalarida yangi kompressor stansiyalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Kuz-qish mavsumida aholi ehtiyoji uchun 245 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev har bir hudud kesimida aholi ehtiyojini chuqur o‘rganib, zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha suyultirilgan gaz yetkazib berish kerakligini ta’kidladi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, «Gazlineftgazqazibchiqarish» va «Sho‘rtanneftgaz» korxonalarida propan-butan aralashmasi olish uskunalarini ishga tushirish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, joriy yilgi mavsumda elektr energiyasiga talab o‘tgan yilgiga nisbatan 11,5 foizga oshishi kutilmoqda.

Shu bois Energetika vazirligiga oktyabr oyida issiqlik elektr stansiyalarida 7 ta energoblok, 7 ta qozon agregati, bitta gaz turbinasi va bitta bug‘-gaz qurilmasini kapital ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Joriy yil yakunigacha Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini foydalanishga topshirish, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 MVt bo‘lgan birinchi bug‘-gaz qurilmasini to‘liq loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Dekabrgacha 3,5 ming kilometr elektr tarmog‘ini hamda 1 ming 171 ta transformator punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish choralari ko‘rsatib o‘tildi.

Energetika va moliya vazirliklari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga kuz-qish mavsumida aholining ko‘mirga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tashishda imtiyozlarni qo‘llagan holda, ko‘mirni aholiga yetkazib berish narxlari yuqori bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Issiqlik ta’minoti va ichimlik suvi tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash holati ham muhokama qilinib, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani uchun Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va mahalliy hokimliklar rahbarlarining faoliyati jiddiy tanqid qilindi. Ularga issiqlik va ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini hamda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlarini jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlash vazifalari topshirildi.