Joriy yilning ikkinchi choragida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining qisqa muddatli inflyatsion kutilmalari apreldagi pasayishidan so‘ng oshish trendini hosil qildi, o‘rta muddatli kutilmalari esa sezilarli o‘zgarishlarsiz avvalgi darajasida saqlanib qoldi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy bankining butun mamlakat bo‘ylab 900 nafar jismoniy va 375 yuridik shaxs o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovga asoslangan tahlilida (PDF) so‘z boradi.

Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan milliy valyuta almashuv kursining qadrsizlanishi, ish haqlarining oshishi, hamda 2019 yilning ikkinchi yarim yilligida kommunal xizmatlar narxlarining oshirilishi mumkinligi iqtisodiyotdagi narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar sifatida qayd etildi. Shuningdek, respondentlar javoblarida o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalarga soliq bazasining kengaytirilishi ta’siri saqlanib qolishi ko‘rsatilgan, deyiladi tahlilda.

May-iyun oylarida joriy yilning yanvar-aprel oylarida sezilgan inflyatsiya indeksining qat’iy pasayishidan so‘ng may-iyun oylarida o‘sish (martdagi 10 foizdan iyunda 15 foiz) kuzatildi. Respondentlarning 46 foizi (o‘tgan chorakka nisbatan 10 foiz bandga ko‘proq) aprel-iyun oylari davomida narxi yuqori darajada oshgan mahsulot sifatida go‘shtni qayd etdi (11-rasm). Bundan tashqari, I chorakka nisbatan, ko‘proq respondentlar sabzi va piyoz narxlari sezilarli oshdi deb ta’kidlagan bo‘lsa, aksincha, tuxum, non, tamaki va alkagol mahsulotlarini qayd etilishi nisbatan kamroq bo‘ldi.

Iqtisodiyotdagi kutilmalar

So‘rov natijalariga ko‘ra, II chorakda aholining daromadlari hamda xarid qilish qobiliyati oshishda davom etdi. Respondentlarning aksariyati (78%) avvalgi 12 oy davomida daromadlari o‘sganini qayd etdi (21-a rasm). So‘rovda «daromadim bilan narxlar bir xil oshdi» hamda «daromadim narxlarga nisbatan ko‘proq oshdi» javoblarini belgilagan respondentlarning ulushi 6 foiz bandga oshib 43 foizni tashkil etdi. «Daromadim narxlarga nisbatan kamroq oshdi» yoki «daromadim oshmadi lekin narxlar oshdi» javoblarini tanlaganlarning ulushi 7 foiz bandga kamayib 53 foizga teng bo‘ldi.

Respondentlarning kelgusidagi daromadlari oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan kutilmalari yuqoriladi. Xususan, respondentlarning 48 foizi daromadining o‘sishi inflyatsiya darajasida yoki undan yuqori bo‘lishini taxmin qilmoqda.

«O‘rta muddatli istiqbolda daromadlar oshishi bo‘yicha kutilmalarning yuqori darajada saqlanishi xarid qobiliyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishini davom etadi hamda inflyatsion bosimning oshishiga hissa qo‘shadi», — deyiladi tahlilda.

Mazkur davrda respondentlarning jamg‘arma kayfiyatida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. Xususan respondentlarning 45 foizi o‘z jamg‘armalarini tadbirkorlikka yo‘naltirishni maqsad qilgan bo‘lsa, 27 foizi qisman ishlatish va qisman saqlab qo‘yish niyatida ekanligini bildirdi.