20−22 sentyabr kunlari Toshkent dzyudo bo‘yicha navbatdagi Gran-pri musobaqasiga mezbonlik qiladi. Tokio olimpiadasiga reyting ochkolarini taqdim qiladigan mazkur musobaqani o‘tkazish uchun bu yil juda katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bir necha oy muqaddam Xalqaro dzyudo federatsiyasi mutasaddilari poytaxtdagi «Humo Arena» ko‘p tarmoqli muz saroyini ko‘zdan kechirgani haqida ma’lum qilingandi. Endilikda bu yilgi Toshkent Gran-prisi rasman «Humo Arena»da bo‘lib o‘tishi tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Gran-pri musobaqadasida g‘alaba qozongan sportchilar Tokio olimpiadasi uchun 700 reyting ochkosiga ega bo‘lishadi. Toshkent Gran-prisi esa kattalar uchun Tokio mezbonlik qilgan jahon chempionatidan keyingi yirik musobaqadir.