Adliya vazirligi tomonidan aholiga beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida ezgu ishga qo‘l urildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Adliya vazirligining taklifiga asosan Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan «Madad» nodavlat-notijorat tashkiloti tashkil etildi.

Ushbu muassasa aholiga bepul huquqiy maslahat hamda amaliy huquqiy yordam ko‘rsatadi.

Buning uchun, har bir tuman (shahar)da bosqichma-bosqich «Madad»ning huquqiy maslahat byurolari tashkil etiladi.

Ma’lumki, aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan Advice.uz portali ishga tushirilgan bo‘lib, unda jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan asosiy huquqiy masalalar bo‘yicha 1000 dan ortiq kontentlar joylashtirilgan.

Qarorda ta’kidlanishicha, «Madad» muassasasiga Advice.uz (e-maslahat.uz) portalini doimiy takomillashtirib borish vazifasi ham yuklandi.

Shuningdek, u quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

fuqarolarga onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat beradi;

hududlarda maslahat byurolarini tashkil etish orqali fuqarolarga doimiy ravishda bevosita bepul huquqiy maslahat berib boradi;

huquqiy maslahat berishga oid so‘rovlarni tahlil qilgan holda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

huquqiy bilimlarini ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda oshirib borish ishlariga ko‘ngillilarni jalb qiladi.