«Otel Oʻzbekiston» MCHJ qo‘shma korxonasi aksiyalar paketining qiymati 80,12 foizi 26,4 mln. dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Bundan oldin mazkur narx oxirgi marta iyunda pasaytirilgan edi. O‘shanda uning boshlang‘ich 33 mln. dollarlik narxi 29,7 mln. dollargacha tushirilgan edi.

Ushbu paket fevral oyida savdoga qo‘yilgan edi. Bu boradagi qaror esa o‘tgan yil avgustida qabul qilingandi.

Xaridor «O‘zbekiston» majmui hududidagi yerdan infratuzilma ob’ektlari va bino bilan birgalikda 99 yilga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

To‘lovning maksimal muddati — uch yil. Xaridor ikki yil davomida 100 mlrd. so‘m investitsiya kiritish majburiyatini oladi. Bu mablag‘lar modernizatsiya va zarurat tug‘ilsa mehmonxonani rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi.

Tanlov savdolarida ishtirok etish uchun talabgor «Otel O`zbekiston» MCHJ QKning davlat ulushini boshlang‘ich narxining kamida15 foizi miqdoridagi mablag‘larini pul o‘tkazish yo‘li bilan hisob raqamga zakalatga qo‘yishi shart.

Uning yangi egasi o‘n yil davomida asosiy faoliyat turi (mehmonxona xizmatlari)ni, binoning fasad qismini saqlab qolishi, mehmonxonani boshqarish uchun eng yaxshi menejerlarni jalb etishi shart. Tanlovda ishtirok etish uchun boshlang‘ich narxning 15 foizi miqdorida zakalad to‘lash lozim.

Bu galgi savdolar 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Agentlikning xabariga ko‘ra, bir qator ishbilarmonlar uni sotib olishga qiziqish bildirgan, shuningdek, boshqa xohlovchilar ham savdoga taklif etilgan.

«Otel O`zbekiston» MCHJ QKning davlat ulushini sotib olish bo‘yicha tanlov savdosida ishtirok etuvchi talabgor yoki uning vakolatli vakili sotuvchi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ariza berish shart.