Qamashilik (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Bahrom Xoliqov jinoiy qilmishlari uchun avval ham ikki marta sudlangan. Ammo jamiyatimizdagi insonparvarlik va bag‘rikenglik tufayli keyinchalik amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilgan. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudining raisi Fayoza Qambarova «Gazeta.uzga ma’lum qildi.

Ammo u bundan o‘ziga xulosa chiqarib, hayotda to‘g‘ri yo‘lni topish, halol mehnati bilan kun kechirish o‘rniga yana jinoyat ko‘chasiga kirdi.

Gap shundaki, yaqin tanishi orqali shu tumanda yashovchi Gulnora Fozilovaning o‘g‘li Baxtiyor Nasimovni ichki ishlar bo‘limiga ishga kirishini eshitgan Bahromning ko‘nglida g‘araz maqsad uyg‘ondi. U ana shu g‘arazli maqsadini amalga oshirish uchun Gulnora opaga qo‘ng‘iroq qilib, beminnat yordamini taklif qildi. Gulnora opa ham uning so‘zlariga ishondi.

— Opa, o‘g‘lingizni ichki ishlar idorasiga ishga kirishini eshitib qoldim, — deya Bahrom gapni uzoqdan boshladi. — Keling, sizga bir yaxshilik qilay. O‘g‘lingiz ishga kiraman, deb yurgan o‘sha idorada zo‘r tanishlarim bor, faqat xarajatidan qochmasangiz bo‘ldi.

— Qaniydi, shunday yordam qilsangiz, — dedi Gulnora opa unga javoban. — Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmasdim, ukajon. Xo‘sh, xarajati qancha bo‘ladi?

— Siz uchun atigi 6 ming «ko‘k"i. Pulni yetkazsangiz, o‘g‘lim ishga joylashdi, deyavering.

Bunday katta mablag‘ni eshitgan Gulnora opa hangu-mang bo‘lib qoldi.

So‘ng esa, uzoq o‘ylanib turdi-da, rozi bo‘ldi.

Xullas, shu kuni o‘zaro kelishuvga ko‘ra, Baxtiyorning hujjatlari idoraga topshirilgach, Gulnora opa 6 ming AQSH dollarini Bahromga beradigan bo‘ldi.

Firibgarlikning rosa hadisini olgan Bahrom oradan uch kun o‘tib, Baxtiyorning o‘zi bilan birgalikda viloyat ichki ishlar boshqarmasiga olib borar ekan, uni jiyanim deb tanishtirgan ko‘yi hujjatlarni topshirishga muvaffaq bo‘ladi.

Shundan so‘ng firibgar bu kimsa Gulnora opadan kelishilgan mablag‘ni berishni talab qilishga tushadi. Bahromning qo‘ng‘iroqlaridan ko‘ngliga shubha oralagan Gulnora opa bu kimsaning kimligini bilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat qildi.

O‘sha kunning o‘zidayoq o‘tkazilgan tezkor tadbir asnosida firibgar B. Xoliqov G. Fozilovadan 6 ming AQSH dollarini olayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga olindi…

Buni qarangki, surishtiruv va tergov davomida bu firibgar kimsa turli vajlarni o‘ylab topishga, o‘z kirdikorini xaspo‘shlashga qanchalik urinmasin, dalil va isbotlar uning asl qiyofasini fosh qilib qo‘ydi.

Sud sudlanuvchi B. Xoliqovning qilmishiga yarasha qonuniy jazo tayinladi. U endilikda o‘z kirdikorlari jazosini tortadigan bo‘ldi.