«Belarusning «Belkommunmash» kompaniyasi Ye420 Vitovt Electro elektrobusini sinovdan o‘tkazish uchun Toshkentga yetkazib berdi, deya xabar qildi «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi.

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, bir martalik quvvat bilan 19 km masofani bosib o‘tishga qodir bo‘lgan elektrobus eng qisqa yo‘nalishlardan biri — 41- yo‘nalishda (Chilonzor 25-mavze — Chilonzor buyum bozori) sinovdan o‘tkaziladi. Hozirda ikkita quvvatlash stansiyasi tayyorlab qo‘yildi.

Maxsus komissiya ushbu elektrobus bilan bog‘liq barcha holatlarni to‘liq o‘rganib chiqadi. Xususan, O‘zbekistonning issiq iqlimida elektrobusning harakatlanish imkoniyatlari, yo‘lovchilar sog‘ligiga uning ta’siri va boshqa jihatlar atroflicha tahlil qilinadi.

Toshkentga elektrobus yetkazib berish rejasi haqida o‘tgan yilning sentyabrida ma’lum bo‘lgandi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tashrifi doirasida Toshkentda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va «Belkommunmash» direktori Vladimir Korol ushbu masalani muhokama qilgan edi.