30 avgust kuni Qozog‘istonning Aqtau shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tadbirda O‘zbekistonning Qozog‘istondagi favqulodda va muxtor elchisi Saidikram Niyazxodjayev, Mang‘istau viloyati hokimi Serikbay Trumov, bosh konsul Nodirjon Turg‘unov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Nutq so‘zlaganlar ta’kidlaganidek, Aqtau shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasining ochilishi oliy darajadagi O‘zbekiston-Qozog‘iston muntazam aloqalari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi hamda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga imkon beradi.

O‘zbekiston Mustaqilligining 28 yilligiga hamda yangi diplomatik vakolatxonaning ochilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim va qabulda Eron, Ozarbayjon, Turkmaniston va Turkiyaning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doiralar vakillari hamda o‘zbek, qoraqalpoq entik-madaniy uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari taqdimoti tashkillashtirildi.

31 avgust kuni Bosh konsulxonada O‘zbekistondan Mang‘istau viloyati bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazish bo‘yicha amaliy muzokaralar bo‘lib o‘tdi hamda 2,5 mln AQSH dollari miqdorida dastlabki kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi quyidagi manzilda joylashgan: 130000, Qozog‘iston, Aqtau shahri, 30-mikrorayon, 83/1-uy, telefonlar: +77292777117, +77775990050, +77775990051.

Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaning konsullik okrugiga Qozog‘istonning Aqto‘be, Atirau, Mang‘istau va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlari kiradi.