1 sentyabr kuni «O‘zbek davlat sirki»da bo‘lib o‘tgan tomosha vaqtida Irina Valter arenadan, balandlikda (havoda) «Juftlik polotno» nomerini amalga oshirayotgan so‘ngi daqiqada yiqilib tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 1983 yilda tug‘ilgan Irina Valter sirkda 15 yildan ortiq ishlagan ko‘p qirrali artist. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Irina Valterning arenada yotgan holatini ko‘rish mumkin.

Irina Valterga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Tibbiy tekshiruv natijalariga ko‘ra chap oyoq bo‘g‘imlarining cho‘zilish tashxisi qo‘yildi. Hozirda Irina Valterning ahvoli yaxshi, uy sharoitida davolanish ishlari davom ettirilmoqda.