O‘zbekiston Ekologik partiyasi hukumatdan butun respublika bo‘ylab o‘ta qiymatli va tarixiy ahamiyatga ega daraxtlarni kesishga olti oylik moratoriy e’lon qilishni so‘radi. Bu vaqt davomida ushbu daraxtlarni himoya qilish bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. Partiya rahbari Boriy Alixonovning 4 sentyabrda Vazirlar Mahkamasiga yozgan xatida bu haqda so‘z boradi.

Mamlakatdagi aholi punktlarida daraxtlarning kesilishi qizg‘in muhokalarni keltirib chiqardi, deyiladi maktubda. Ijtimoiy tarmoqlarda inshootlar, sanoat va ijtimoiy ob’ektlar, yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilishda ommaviy ravishda daraxt va butalarning kesib tashlanayotgani haqida tez-tez xabarlar tarqalmoqda. Bunda ko‘p hollarda ko‘p yillik daraxtlarning kesilishi jamoatchilik noroziligi va g‘azabini uyg‘otmoqda.

Moratoriy davrida Ekopartiya kompleks qonuniy choralar hamda amaliy choralarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Jumladan:

  • tabiiy yodgorlik deb e’lon qilingan daraxtlarni ekish, parvarishlash, sanitar kesish, inventarizatsiya qilish va pasportlashtirish;
  • shaharlar va boshqa aholi punktlarida yashil ekinlar xaritalarini ishlab chiqish;
  • ob’ektlar (jumladan, shaharlarning bosh rejalari) qurilishi va rekonstruksiyasini rejalashtirishda yashil ekinlar joylashuvini hisobga olish;
  • besh yoshdan katta daraxtlarni kesish bo‘yicha qarorlarning shaffofligi va asoslanganligini ta’minlash;
  • javobgarlikni personallashtirish, ekologik qonunlarni buzganlik uchun jarima jazolarini kuchaytirish, zarurat tug‘ilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni joriy etish;
  • ko‘p yillik daraxtlarni kesish bo‘yicha vakolatli davlat organlari va boshqa tuzilmalarning javobgarligini oshirish.

Ekopartiya, shuningdek, daraxtlarni sanitar kesish va kesish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, yog‘ochlardan tijorat maqsadida foydalanishda ekologik talablarga rioya etilishi bo‘yicha maxsus komissiya tuzishni ham taklif qilmoqda.