Shu yilning 8 may kuni Asaka tuman dehqon bozorida meva-cheva savdosi bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor Odinaxon Dadajonova va uning jiyanlari Mahmuda Dehqonova hamda Rahmatjon Kamoliddinov arzimas kelishmovchilik tufayli ma’muriy huquqbuzarlikka qo‘l urdi. Bu haqda Asaka tuman ma’muriy sudining raisi Bahrom Berdiyev «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

O‘sha kuni soat 15.00 larda Odina bozorga bir nechta yashikda qulupnay olib keladi. So‘ng yashiklarni jiyanlari Mahmuda va Rahmatjon yordamida doimiy savdo qiladigan joyiga tushira boshlaydi.

Biroq o‘sha joyda Nafisa Normatovaning voyaga yetmagan o‘g‘li Begali Normatov nisholda sotayotgandi. Shuning uchun O. Dadajonova undan sal nariroq surilishini so‘raydi. Ammo B. Normatov ayolning gapiga ko‘nmay, o‘rnidan qimirlamaydi. Buni kuzatib turgan Mahmuda bilan Rahmatjonning esa jahli chiqadi.

«O‘zingdan katta aytganda ozgina surilsang bo‘ladi-ku?!» — deyishadi ular. Lekin Begali shunda ham qimir etishni xayoliga keltirmaydi.

Aksincha, Rahmatjon bilan tortishib qoladi. Oqibatda R. Kamoliddinov uni urib, tan jarohati yetkazadi. Ayni shu payt baqir-chaqirni eshitgan Nafisa yetib keladi-yu mojaro avj oladi. Oqibatda O. Dadajonova va M. Dehqonova ham N. Normatovani urib, tan jarohati yetkazishadi. Janjalga tuman IIB xodimlari chek qo‘yishadi.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2019 yil 13 maydagi xulosasida ona-bola jabrlanuvchilar yengil tan jarohati olgani qayd etilgan. Binobarin, O. Dadajonova, R. Kamoliddinov va M. Dehqonovaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi 2-qismi, o‘g‘lini bozorda nisholda sotishga majburlagani uchun esa Nafisa Normatovaga ushbu kodeksning 49−1-moddasi (voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish) bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atildi.

Pirovardida Asaka tuman ma’muriy sudining qaroriga binoan huquqbuzarlar ma’muriy jarimaga tortildi.