O‘zbekiston Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati tomonidan 8 oy davomida o‘tkazilgan profilaktik ishlari natijasida 14684 ta bino va inshootlarda yong‘in kelib chiqish xavfi oldi olingan, deya xabar qildi DYOXB matbuot xizmati. Sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida 27 nafar insonlar qutqarilgan, 462 bosh uy xayvonlari, 99 xil texnikalar, 182 mlrd so‘mdan ziyod bino va inshootlar qurilmalari va 78 mlrd so‘mdan ortiq moddiy boyliklar saqlab qolingan.

Respublika hududida jami 7439 ta yong‘in qayd etilib, ushbu yong‘inlarda 76 nafar inson halok bo‘lgan va 208 nafar kishi tan jarohati olgan. Jami sodir bo‘lgan yong‘inlarning 68,7 foizi aholi yashash joylarida, 12,6 foizi tadbirkorlik sub’ektlari ob’ektlarida, 5,7 foizi transport vositalarida va 1,6 foizi davlat tasarrufidagi ob’ektlarida yuzaga kelgan.

Yong‘inlarning 37,9 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 30,4 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzilishi, 12,2 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanish, 9,4 foizi bolalarning sho‘xligi va 4,1 foizi transport vositalaridan foydalanish va tuzilishi qoidalarining buzilishidan sodir bo‘lgan.

Shuningdek, fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlashga oid bilim ko‘niklamalariga ega bo‘lib borishi natijasida 2019 yilning o‘tgan 8 oyi davomida sodir bo‘lgan yong‘inlar, 2018 yilning mos davriga nisbatan 309 taga, yong‘inlarda insonlarning halok bo‘lishi 14 taga va tan jarohati olishi 45 taga kamaygan.