Olga Zabelinskaya velotrek bo‘yicha Europakriterium der Bahnfahrer xalqaro musobaqasida uchta medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqa 31 avgust-1 sentyabr kunlari Berlinda bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Velosport federatsiyasi.

O‘zbekiston velopoygachisi omniusda germaniyalik Stok Gudrug (125 ochko) va rossiyalik Tamara Dronovani (117 ochko) ortda qoldirgan holda 157 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Olga Zabelinskaya keyringda kumush, medisonda bronza medallarini ham qo‘lga kiritdi.

Europakriterium der Bahnfahrer — reyting turniridir. Ushbu musobaqa ishtirokchilari Tokiodagi 2020 yilgi Olimpiada uchun reyting ballariga ega bo‘ladi.

Aprelda velosport bo‘yicha Osiyo chempionatida Olga Zabelinskaya milliy terma uchun Elite Woman toifasida eng yaxshi natijani qayd etgan holda ikkita oltin medalni qo‘lga kiritib, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari-2020 litsenziyasiga ega bo‘ldi va O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.