28 avgust-2 sentyabr kunlari Qozog‘istonning «Spassk» o‘quv poligonida bo‘lib o‘tgan razvedkachilar o‘rtasidagi «Oltin ukki — 2019» xalqaro musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.


Belarus, Rossiya, Hindistondan kelgan jamoalar hamda Qozog‘iston Mudofaa vazirligining o‘zidan 5 ta jamoa ishtirok etgan musobaqada birinchi o‘rin mezbon davlatga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka rossiyalik razvedkachilar yakun yasadi.

Razvedkachilar musobaqa davomida 12 turdagi turli murakkab o‘quv-jangovar mashqlarni bajardi. Har bir guruh — 100 kilometrdan ortiq bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.


Bundan tashqari maxsus bo‘linmalar maxfiy joylarni jihozlash, murakkab hududlarda razvedka va qidiruv ishlarini olib borish, dushmanlarning kutilmagan hujumlarini qaytarishdi, suvli to‘siqlarni bosib o‘tish va harbiy topografiya, o‘t ochish va muhandislik mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar.

Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga Qozog‘iston harbiy razvedkasining ramzi bo‘lgan — kumush ukki sovg‘a qilindi.