3 sentyabr kuni taxminan soat 07:00 da Samarkand viloyat Jomboy tuman Beshbola qishlog‘i xududida «ISUZI» rusumli avtobus bilan MAN rusumli yuk avtomashinasini to‘qnashishi yuz berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, avtobusda 31 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning 22 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. 1 nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Tez tibbiy yordam birigadasi voqea joyiga 5 daqiqada yetib borgan. Jami 8 ta tez tibbiy yordam brigadasi ko‘magida jarohatlanganlarning barchasi tezkor ravishda Jomboy tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.

SSV tomonidan bemorlarga o‘z vaqtida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida sanitar aviatsiya xizmati orqali neyroxirurg, xirurg, travmatolog kabi qator tajribali mutaxassislar safarbar etildi. Ayni paytda yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohatlanganlarning 6 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga davolanish uchun ko‘chirilgan, 3 nafar bemorga Jomboy tuman tibbiyot birlashmasida, 13 nafar bemorga esa ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berildi.