«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi E-ticket chiptalari sotiladigan sayti yangilangani haqida ma’lum qildi. Endilikda ushbu sayt orqali ham ichki, ham xalqaro qatnovlar uchun chiptalarni sotib olish mumkin.

Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, elektron chipta narxi temir yo‘l kassasidan olingan chiptaga qaraganda arzonroq.

Sayt interfeysi soddaroq va qulayroq ko‘rinishga ega bo‘ldi, u mobil qurilma uchun ham moslashtirilgan. Avvallari chiptalarni yettita shartli qadamdan so‘ng sotib olish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endi bunday qadamlar soni to‘rttani tashkil etadi.

Yangiliklardan yana biri — chiptani onlayn rejimda qaytarish imkoniyatidir. Avvallari buning uchun kassaga murojaat qilish, pasport taqdim etish va zarur hujjatlarni to‘ldirish talab qilinar edi.

Mamlakat ichidagi qatnovlar uchun chiptani chop etish lozim, kassaga borish talab qilinmaydi. Qog‘ozli nusxa inspektor vokzalga kirishda muhr bosishi uchun lozim.

Internet orqali rasmiylashtirilgan xalqaro qatnovlar chiptasini vokzal kassasi orqali olish lozim. Kompaniyaning qayd etishicha, bunday talab xalqaro bitimlarda o‘z aksini topgan bo‘lib, chiptani boshqa davlatlarda yo‘l bosish vaqtida ko‘rsatish kerak.

Internet orqali chiptalar to‘lovi uchun vaqtinchalik faqatgina milliy to‘lov tizimlari kartalari lozim. Biroq yaqin vaqtlarda Visa, Mastercard va boshqala to‘lov tizimlari yordamida ham to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.