29 avgust kuni 17:30 da Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida Damas avtomobili va Isuzu yuk mashinasi to‘qnashuvi natijasida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Hodisa «Uchqo‘rg‘on-Haqqulobod» avtomagistralining 17-kilometrida sodir bo‘ldi. Damas avtomobilini boshqarib kelayotgan Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 52 yoshli A. A. boshqaruvni yo‘qotishi natijasida mashina qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida yashovchi 24 yoshli S. M. boshqarib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.

Damas haydovchisi hodisa joyida, uning ikki yo‘lovchisi — 63 yoshli N. A. va 45 yoshli A. N. shifoxonada vafot etgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deya qayd etdi IIV.