Qahramon Quronboyev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi lavozimidan ozod qilindi, deya xabar berdi Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati prezidentning 29 avgustdagi farmoniga tayangan holda.

Qahramon Quronboyev O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Qahramon Quronboyev (1970 y. t.) Toshkent davlat universiteti (1992), prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2004) tamomlagan. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari (1997−2008), Milliy universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori (2012−2013), Vazirlar Mahkamasida bo‘lim mudiri (2015−2016), shuningdek prezidentning jamoatchilik va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari (2017) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2017 yilning 30 iyunidan Yoshlar ittifoqiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Foto: XPK

Alisher Sa’dullayev O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari — Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Alisher Sa’dullayev (1994 y. t.) 2017 yil iyulida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanib, mamlakatdagi eng yosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan edi. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bitiruvchisi. Avval Result o‘quv markazini boshqargan.