28 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Spark va Nexia mashinalari haydovchilarining bir itni atayin bosib ketishga uringani tasvirlangan videoyozuvlar tarqaldi. Birinchi holatda yo‘ldan o‘tayotgan itni Nexia haydovchisi bosib ketishga harakat qiladi, undan keyin esa Spark haydovchisi uch bora urinadi. Ikkinchi videoda esa YPX xodimi itga g‘isht uloqtiradi.

Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga chorshanba kuni soat 1:30 da Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi yaqinida oq-qora it ko‘p sonli odamlarga tashlangani haqida xabar qildi.

Shahar DSEM va veterinariya bo‘limi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi qidiruv tadbirlarini o‘tkazib, 2−3 yoshlardagi itning jami 15 kishiga tashlangani, ular turli darajadagi tirnash va tishlash jarohatlarini olganini aniqladi.

IIB ma’lumotlariga ko‘ra, barcha jarohatlangan Samarqand viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasiga yotqizilgan. Uarga zudlik bilan antirabik yordam (quturishga qarshi immunizatsiya) ko‘rsatildi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi jabrlanganlarning holatini nazorat ostiga olgan.

3:00 da YPX, jamoat tartibini saqlash boshqarmasi hamda hayvonlarni tutish brigadasi xodimlari quturganlikda gumon qilinayotgan itni tutishga muvaffaq bo‘ldi. Jonivorni tutish vaqtida IIO xodimlaridan biri ham tishlash jarohatini oldi.

Kuchuk viloyat veterinariya boshqarmasining virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.