London, Manchester va Edinburgda Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II bosh vazir Boris Jonsonning parlament faoliyatini 14 oktyabrga qadar to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifini tasdiqlagani uchun ommaviy namoyishlar boshlandi. Bu haqda «Vedomosti» britan OAVga tayangan holda xabar qildi.

Londonda namoyishchilar shahar markazida, bosh vazir qarorgohi yaqinida to‘plandi. Ular parlament yaqinidagi asosiy yo‘lni ham to‘sib qo‘ydi.

Parlament faoliyati to‘xtatilgani haqidagi xabarlar manzarasida britan funti kursi 1,21 dollarga tushdi. Bir kun avval u 1,23 dollar edi.

Buyuk Britaniyaning Yevroitifoqdan chiqishi uchun eng oxirgi muddat — 31 oktyabr. Boris Jonson bu safar muddat uzaytirilmasligi (avval ikki marta uzaytirildi), agarda buning imkoni bo‘lmasa, yaxshisi blok bilan kelishuvsiz YeI tarkibidan chiqish haqida bir necha marta ta’kidladi. Parlamentning kechroq ish boshlashi esa deputatlarda Brexit shartlari ustida ishlashga o‘z ulushini qo‘shishga vaqt qolmasligini anglatadi, deya qayd etdi nashr.

Londonning sobiq meri, Buyuk Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson 23 iyul kuni Konservatorlar partiyasining yangi yetakchisi sifatida saylanib, Tereza Mey o‘rniga bosh vazir lavozimini egalladi. Mey may oyi oxirida Brexit jarayonini kuniga yetkaza olmagani uchun tanqidlar ortidan iste’foga chiqdi.