Toshkent hokimligida Hindistonning Minerva world of knowledge kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent shahriga xorijiy investorlarni jalb qilish, ular bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar qatori mazkur kompaniya bilan ham 4 oy davomida qator muzokaralar o‘tkazildi. Natijada Toshkent shahar hokimligi va “Minerva world of knowledge” MCHJ rahbari Jalan Murali Lal o‘rtasida umumiy qiymati 500 mln dollar miqdoridagi investitsiya kelishuvi imzolandi.

Unga ko‘ra, yaqin 5 yil davomida poytaxtimizning Sergeli tumanida aholi turar joylari, yangi universitet, tibbiyot va sport majmuasi, maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo-ko‘ngilochar majmua va yotoqxonalar quriladi.

Ko‘p tarmoqli faoliyat yo‘nalishiga ega mazkur kompaniya qurilish sohasida yetakchilardan hisoblanadi, deyiladi xabarda.