1 sentyabrdan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi. Hujjat 17 avgust kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 24 avgustda Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Amaldagi qonunchilikda (Oila kodeksining 15-moddasi) ayollar uchun nikoh yoshi 17 yoshni tashkil etadi.

Bunda uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda FHDYO organlari 4233 nafar, 2017 yilda 4853 nafar va 2018 yilda 5123 nafar 17 yoshdagi qizning nikohini ro‘yxatga olgan.

Ayollar uchun nikoh yoshini oshirish to‘g‘risidagi masala 2012 yildan buyon muhokama qilib kelinmoqda. Qayd etilishicha, ushbu yangilik uzluksiz ta’lim tizimi uchun sharoitlar yaratish hamda onalar va bolalar salomatligini saqlash maqsadida joriy etilmoqda.