Bundan ikki oy oldin «Navbahor» bosh murabbiyligidan bo‘shatilgan rossiyalik Andrey Kanchelskis yana o‘z lavozimiga qaytarildi. 50 yoshli mutaxassis bilan uch yillik shartnoma imzolandi, deya xabar beradi klub matbuot xizmati.

Tanishtiruv marosimida Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib bosh murabbiy Andrey Kanchelskisni almashtirish xatolik bo‘lganligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Xayrullo Bozorov serbiyalik mutaxassis Deyan Jurjevichning «Navbahor»da omadi kelmaganligi, tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan u bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, Jurjevich iste’foga chiqarilganligi, rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskis yana jamoa bosh murabbiyi lavozimiga qaytarilganligini ta’kidlab, Kanchelskisni «Yana «Navbahor»ga xush kelibsiz», deya qutladi.

Shu kungacha «Navbahor» PFK vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Baxtiyor Isakjanovich Usmanov boshqa ishga o‘tishi munosabati lavozimidan ozod etildi. Yangi vitse-prezident sifatida tadbirkor Oybek Samatov tanishtirildi.