Muhtaram janob Prezident, hurmatli bosh vazir, senatorlar, deputatlar!

Biz, jurnalistlar va blogerlar guruhi, mamlakatimiz rahbarlaridan shahar va qishloqlarimizda daraxtlarning nazoratsiz kesilishi bilan bog‘liq ekologik masalani zudlik bilan va kechiktirmay hal etishlarini endi so‘ramaymiz, balki talab qilamiz.

Bu xususiy mulk huquqini, so‘z erkinligini, qonun ustuvorligini ta’minlash kabi mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatga integratsiyasi uchun zarur bo‘lgan shartlardan biridir.

Butun dunyo yaqinlashib kelayotgan ekologik halokat, global isish, muzliklar erishi hamda atrof-muhit va havoning ifloslanishidan tashvishda. Biz bu muhim masaladan chetda turolmaymiz, aks holda mamlakatimiz ravnaqi uchun qilinayotgan barcha sa’y-harakatlar hech nimaga olib kelmaydi.

Mamlakatda mashinalar va korxonalar soni tobora ko‘paymoqda, qishloqlar urbanizatsiyalashmoqda, kislorod va ozon qatlami esa tobora kamaymoqda. Biz aholisi zich joylashgan mamlakatmiz, bizda quruqlikning asosiy qismini deyarli hech narsa o‘smaydigan cho‘llar va sho‘r bosgan lalmi yerlar tashkil qiladi.

Bizda suvdan foydalanish va chiqindilarni daryolarga tashlash muammosi mavjud. Va ushbu manzara fonida biz mutlaqo mas’uliyatsizlik bilan o‘zimizni kislorod bilan ta’minlovchi hamda havoni chang va sanoat gazlaridan tozalovchi ko‘p yillik daraxtlarni kesishda davom etmoqdamiz. Daraxtlar Qarshida kesildi, daraxtlar Farg‘ona va Navoiyda kesildi, hozir Buxoro va Toshkentda kesilmoqda. Bu halokat.

Agar bu ishlar tez orada to‘xtatilmasa, aholining asosiy daromadi davolanishga sarflanadigan kasal millatga aylanamiz. Bu hozirning o‘zidayoq yuz bermoqda. Agar ekologiyaga loqaydlik bilan qarasak, iqtisodiyotimiz hech qachon ko‘tarilmaydi.

Daraxtlarni qurilish uchun kesishga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Ularni, ko‘plab madaniyatli davlatlardagi kabi, boshqa joyga ko‘chirish yoki yashil o‘simliklarni saqlab qoladigan tarzda loyihalashtirish kerak. Daraxtlarga yon shoxlarini kesib shikast yetkazayotgan va ularni o‘tinga sotayotgan obodonlashtirish xizmatining kompetensiyaga ega bo‘lmagan kuchlari tomonidan daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Yangi daraxtlarni ekish va gidrogellar va boshqa progressiv usullardan foydalangan holda shu yerning o‘zida sug‘orish tizimini montaj qilish zarur.

Ammo eng asosiysi — bu daraxt kesishni taqiqlash va ushbu qaror ijrosini oliy darajada qat’iy nazorat qilishdir. Bu qonun doirasida mustahkamlanishi va so‘zsiz bajarilishi shart.

Biz jahon hamjamiyati bilan birgalikda sayyoramizni qutqarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yo qabul qilamiz, yoki faqat bugun topiladigan daromad muhim bo‘lgan mamlakat nomiga ega bo‘lamiz.

Biz yashashni istaymiz.


Nikita Makarenko (Gazeta.uz kolumnisti, «Effekt Makarenko» kanali muallifi)

Alisher Azimov («Daryo.uz» bosh muharriri)

Lola Islamova («Anhor.uz» bosh muharriri)

Yevgeniy Sklyarevskiy («Pisma o Tashkente» sayti muharriri)

Liliya Nikolenko («Scalaris media» MCHJ direktori, «Potrebiteli.uz» loyihasi asoschisi)

Emil Faxreyev («Scalaris media» MCHJ boshqaruv direktori, «Ejichnoye varane» kanali muallifi)

Feruzxan Yakubxodjayev («Nabludeniya pod chinaroy» kanali muallifi)

Viktoriya Abduraximova (NUZ.uz va «Gorod govorit» kanali muallifi)

Yevgeniya Grande (NUZ.uz muharriri)

Sasha Ivanyujenko ((Insider.uz kanali muallifi)